Şrift:
Baxshichilik sanʼatini avlodlarga mukammal yetkazishga xizmat qiladigan markaz
23.01.2020 [13:46] - Türk dünyası-Turan
Milliy va zamonaviy uygʻunlikni oʻzida mujassam etadigan muhtasham Respublika baxshichilik sanʼati markazi binosini qurib, ishga tushirish uchun 10 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflanadi. Prezidentimizning 2019-yil 14-maydagi “Baxshichilik sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan Respublika baxshichilik sanʼati markazi va uning huzuridagi baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi qadimiy noyob merosimizni asl holida saqlab, kelgusi avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi. Baxshichilik sanʼatiga qiziqishi bor yoshlarning ijodiy salohiyatini yanada rivojlantirib, intilishlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Malakali baxshilarni tarbiyalab, kamolga yetkazadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-sentyabrdagi “Respublika baxshichilik sanʼati markazi va uning huzuridagi Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori bilan yangi markaz va jamgʻarmaning vazifalari belgilab berilgan. Shuningdek, Termiz shahridagi 21-baxshichilik maktabi negizida baxshichilik sanʼatiga ixtisoslashtirilgan respublika maktab-internati tashkil etish, qoʻshimcha binolar, 150 oʻrinli yotoqxona qurish yuzasidan tegishli vazifalar qayd etilgan. Yangi markaz qurilishi uchun Termiz shahridagi Bogʻishamol mahallasi hududidan bir gektar yer maydoni ajratildi. Bino loyihasi Madaniyat vazirligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati huzuridagi “Toshtemiryoʻlloyiha” masʼuliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Koʻp qavatli muhtasham binoda markaz xodimlari uchun barcha sharoit yaratiladi. Respublika baxshichilik sanʼati markazi toʻgʻridan-toʻgʻri Madaniyat vazirligiga boʻysunadi. Uning huzuridagi jamgʻarma esa davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi. Shuningdek, mamlakatimizdagi baxshichilik sanʼatini dunyoga keng targʻib qiladigan “Baxshi” jurnali nashr qilinib, har chorakda bir marta oʻzbek, ingliz va rus tillarida chop etiladi. Termiz shahridagi 21-baxshichilik maktabida Respublika baxshichilik sanʼati markazi va uning huzuridagi Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyati taqdimotiga bagʻishlangan tadbirda shu haqda atroflicha fikr almashildi.
Davlatimiz rahbarining bevosita gʻoyasi asosida barpo etilayotgan markaz va jamgʻarmaning Termizda qad rostlayotgani bizni yanada ilhomlantirmoqda, – deydi surxondaryolik taniqli baxshi M.Eshboyev. – Ming yillardan buyon baxshi-shoirlarga beshik boʻlib kelayotgan voha markazida oʻtgan yili oʻtkazilgan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali dunyoning baxshi-shoir, oqin, jirov va folklorshunos olimlarini, soha mutaxassislarini Amudaryo boʻyidagi qadimiy shaharga jamladi. Yurtimizning milliy anʼana va urf-odatlarini jahonga keng tarannum etib, sayyoramizda qadimiy sanʼatimizning goʻzal va nafis qirralarini targʻib qildi. Yangi markaz va jamgʻarma bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirib, sohani yangi bosqichga koʻtarishga, xalqimiz qalb-qoʻrida asrab, avaylab kelayotgan dostonlarimizni kashf etishga yaqindan koʻmaklashadi. Yaqin kunlarda yangi markaz qurilishiga ilk tamal toshi qoʻyiladi.

DAVAM.AZ
“Daşkənd Bürosu” (Özbəkistan)
Bu xəbər oxucular tərəfindən 59 dəfə izlənilmişdir!
Google Yahoo Facebook Twitter
Del.icio.us Digg StumbleUpon FriendFeed