Şrift:
Oʻquvchi-yoshlarning xalq ogʻzaki ijodiga qiziqishini oshirish maqsadida tanlov tashkil etildi
18.02.2020 [08:59] - Türk dünyası-Turan
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida Xalq taʼlimi vazirligi, Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan oʻquvchi-yoshlarning xalq ogʻzaki ijodiga boʻlgan qiziqishini oshirish maqsadida tanlov tashkil etilgan edi.
“Men eshitgan ertaklar” tanloviga 2019-yilning 20-dekabridan 2020-yilning 20-yanvarigacha 3 mingga yaqin ijodiy ish kelib tushdi. Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, “Gulxan” hamda “Gʻuncha” jurnallari mutaxassislaridan iborat hakamlar hayʼati Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani 15-umumtaʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi Yorqinjon Hayitboyevni “Oltin ketmon” sheʼriy ertagi uchun gʻolib, deb topdi. Jizzax viloyati Jizzax shahri 23-umumtaʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchisi Muxlisa Toshpoʻlatova “Quyosh haqida ertak” ertagi bilan ikkinchi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxiatosh tumani 3-umumtaʼlim maktabining 6-sinf oʻquvchisi Sugʻdiyona Yusupova “Alifbo” ertagi bilan uchinchi oʻrinni egalladi.
Shuningdek, “Kapalak“, “Bebaho boylik“, “Sahrodagi javohir“, “Kim zoʻr?“ singari ertaklar mualliflari “Eng yosh ertak muallifi“, “Tabiatni sevishga undovchi ertak muallifi“, “Eng ibratli ertak muallifi“, “Vatanni madh etuvchi ertak muallifi“, “Sehrli ertaklar muallifi“, “Doʻstlikni targʻib qiluvchi ertaklar muallifi“ hamda “Qadriyatlarni targʻib qiluvchi ertaklar muallifi“ nominatsiyalari gʻoliblari boʻldi. Respublika bolalar kutubxonasida taqdirlash marosimi tashkil etilib, gʻoliblar diplom hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Tanlov tashkilotchilari ilmga chanqoq, zukko oʻquvchilarga faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi.
Tanlovga kelib tushgan ijodiy ishlarda bolalarning oʻziga xos hayoti aks ettirilgan, his-tuygʻulari ifodalangan – deydi Respublika bolalar kutubxonasi direktori Doniyor Oʻrolov. – Bolalar adabiyotining oʻziga xos ushbu koʻrinishlari yirik badiiy asarlar uchqunlari boʻlsa ajab emas. Muhimi, oʻziga xos tarzda yozilgan ertaklarda har bir yosh ijodkorning aytmoqchi boʻlgan gapi, fikri bor.

DAVAM.AZ
“Daşkənd Bürosu” (Özbəkistan)
Bu xəbər oxucular tərəfindən 47 dəfə izlənilmişdir!
Google Yahoo Facebook Twitter
Del.icio.us Digg StumbleUpon FriendFeed