Deprecated: preg_replace(): The /e modifier is deprecated, use preg_replace_callback instead in /home/davam/public_html/engine/modules/show.full.php on line 292 davam.az - BÜTÖV AZƏRBAYCAN ADINA! > Çap səhifəsi > Fidokorona mehnatning yuksak eʼtirofi
davam.az - BÜTÖV AZƏRBAYCAN ADINA! > Türk dünyası-Turan > Fidokorona mehnatning yuksak eʼtirofi

Fidokorona mehnatning yuksak eʼtirofi


Yurtimizda ilm, maʼrifat, sanʼat va maʼnaviyat zahmatkashlarining fidokorona mehnati hamisha yuksak qadrlanadi. Poytaxtimizdagi Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida taniqli olim, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatovning 80 yoshlik tavallud sanasi munosabati bilan boʻlib oʻtgan tantanali tadbirda bu jihatlar yana bir karra oʻz ifodasini topdi. Shu munosabat bilan mazkur ziyo maskaniga senatorlar, deputatlar, turli vazirlik va idoralarning vakillari, olimlar, professor-oʻqituvchilar, maʼnaviyat targʻibotchilari, dinshunoslar, talaba-yoshlar, xorijlik tadqiqotchilar taklif etildi.
Mukofotni Oʻzbekiston prezidentining maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Rustam Qosimov topshirdi hamda mamlakatimizda boy maʼnaviy merosimizni koʻz qorachigʻidek asrash, undan xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni bahramand etish, ilm-maʼrifat, maʼnaviyat fidoyilariga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish yana-da yuksak bosqichga chiqqanini taʼkidladi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Abdugʻofur Ahmedov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Bahrom Abduhalimov, mahalla va oila masalalari vazirining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev va boshqalar ilm-maʼrifatni yana-da ravnaq toptirish, olimlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ezgu saʼy-harakatlar koʻlami tobora kengayib borayotganini taʼkidladi. Ustoz Ubaydulla Uvatov salohiyatini ilf-fanga baxshida etgan, milliy tarix va manbashunoslik faniga ulkan hissa qoʻshib kelayotgan olim, ajdodlar merosini keng targʻib etish, yosh avlodni barkamol inson etib tarbiyalashda samarali mehnat qilib kelayotgan murabbiylardan. Uning ilmiy rahbarligida yoshlar tadqiqotlar olib borib, koʻplab bitiruv malakaviy ishlar, magistrantlik ilmiy ishlari, disertatsiyalarni himoya qilgan. Uchrashuvda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari Ibrohimjon Inomov, Oʻzbekiston xalq artisti Yodgor Saʼdiyev, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov va boshqalar zahmatkash olimlar mehnatini eʼzozlash, ularga izzat-ehtirom koʻrsatishdek ezgu ishlar zamirida yangilanayotgan Oʻzbekistonning chin maʼrifiy qiyofasi bugungi kunda butun dunyoga yaqqolroq namoyon boʻlayotganini taʼkidladi. Darhaqiqat, professor U.Uvatovning ilmiy faoliyati pedagogik, jamoatchilik, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar, temurshunoslik, Imom Buxoriyning ilmiy-maʼrifiy merosi, hadisshunoslik, Oʻzbekistonning buyuk allomalari ilmiy merosini oʻrganish, noyob asarlarni arab tilidan tarjima etish va nashrga tayyorlash, ularni xalqimizga tanishtirishdek gʻoyat murakkab, serqirra, zahmatli va ayni paytda sharafli jarayonda namoyondir. Olim asosan IX-XII asrlarda yurtimizda yetishib chiqqan buyuk allomalarning boy ilmiy merosi boʻyicha nodir qoʻlyozmalarni mukammal oʻrganib, tadqiqotlar olib borgan mohir manbashunos sifatida Vatanimiz va xorijda nom qozongan. “Oʻrta Osiyo olimlari qomusi”, “Oʻzbekiston buyuk allomalar yurti”, “Buyuk yurt allomalari” kabi salmoqli toʻplamlar ham olimning koʻp yillik mashaqqatli mehnati natijasi.
Ubaydulla Uvatov Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim at-Termiziy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamaxshariy, Abu Muʼin Nasafiy va boshqa koʻplab allomalarimiz haqida birinchilardan boʻlib oʻzbek tilida ilmiy-maʼrifiy risolalar nashr etdi. Uning faoliyati hozirgi kunga qadar davom etib, 70 dan ortiq mutafakkir bobolarimiz, ularning ijodi haqidagi qimmatli maʼlumotni oʻzida jamlagan “Buyuk yurt allomalari” kitobiga asos boʻlib xizmat qildi. Uning “Movarounnahr va Xurosan olimlarining hadis ilmi rivojida tutgan oʻrni (Buxoriy, Muslim, Termiziy)” mavzusidagi doktorlik ilmiy ishida ajdodlarimizning merosi mukammal tadqiq etilgan. Tadqiqotlari Misr Arab Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va boshqa xorijiy davlatlarda nashr etilgan olim hozirgi kunda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori vazifasida samarali mehnat qilmoqda.
Bugun dunyodagi eng baxtli insonlardan biri deb hisoblayman oʻzimni, – dedi tarixchi olim, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi Ubaydulla Uvatov. – Endilikda barchamiz tarixiy yanglanish, shiddatli rivojlanish jarayonlarining guvohi boʻlmoqdamiz. IX-XII asrlar Movarounnahrda taraqqiyot pallasi, Hadis ilmining oltin davri deb hisoblansa, bugungi kunlarimizni ham yangi Oʻzbekiston tarixida oltin davr boshlangan jarayon, deb mubolagʻasiz aytish mumkin.
Tadbirda olim faoliyatiga taalluqli kitoblar, film namoyishi boʻlib oʻtdi. Hamkasblar, olimlar, yosh tadqiqotchilar tomonidan Ubaydulla Uvatovning koʻp yillik mehnatlari, insoniy fazilatlari yorqin va taʼsirchan hayotiy misollar yordamida qayd etildi. Maʼrifiy tadbir rasmiyatchilikdan yiroq tarzda, gʻoyat samimiy, zavqli, ijodiy ruhda kechdi.

DAVAM.AZ
“Daşkənd Bürosu” (Özbəkistan)

Geri dön